Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayoni yakuniy bosqichda ekanini maʼlum qildi. Oʻzbekiston allaqachon AQSH va Xitoy kabi yirik sheriklar bilan kelishuvlarga erishgan.
Bu yil qoʻshni davlatlar bilan chegaralarni kesib oʻtish bilan bogʻliq muhim masalalar hal etildi. Andijon viloyatida 8-13 yil davomida yopilgan “Xonobod”, “Mingtepa”, “Qorasuv” va “Uchqoʻrgʻon” nazorat-oʻtkazish punktlari faoliyati qayta tiklandi. Bu aholi va tadbirkorlar uchun masofani 100 kilometrga qisqartirdi.
Soʻnggi 11 oyda chegarani kesib oʻtgan avtomobillar soni 400 mingtaga koʻpayib, 3 milliondan oshdi. 2025-yilda beshta chegara punktlarida qoʻshimcha yoʻlaklar qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini besh barobar oshiradi.