Bo Anderson UzAuto Motors va UzAuto Motors Powyertrain kompaniyalari bosh direktori lavozimidan ozod etildi.
Anderson uch yil davomida UzAuto Motors’ni boshqargan. Shu vaqt ichida kompaniya Andijon va Xorazm viloyatlaridagi zavodlarida avtomobil ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi.
O‘zbekistonda Chevrolet Tracker krossoveri va Chevrolet Onix sedani ishlab chiqarila boshlandi. Mamlakat MDH va Markaziy Osiyoda yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston bozori Chevrolet brendi uchun ikkinchi o‘rinda turadi.
Bu Anderson Shvesiyada tug‘ilgan. Avtomobilsozlik sohasidagi faoliyatini u General Motors kompaniyasida boshlagan, keyin esa Rossiyadagi GAZ va AvtoVAZ kompaniyalarini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil sentyabr oyida UzAuto Motors bosh direktori Bo Anderson ishdagi aniqlangan kamchiliklar uchun jarimaga tortilgan edi.