Paynet Humo to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib oldi

O‘zbekiston

Paynet Humo to‘lov tizimining davlat ulushini 65 million dollarga sotib oldi. Kompaniya tizim foydalanuvchilarining maxfiy (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish majburiyatini oldi.

Paynet kompaniyasi “Milliy banklararo protsessing markazi” aksiyadorlik jamiyatining egasiga 65 million dollar evaziga aylanadi, deb xabar qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) matbuot xizmati.

Xususiylashtirishning so‘nggi bosqichida aktivga uchta talabgor qiziqish bildirdi. Biroq Paynet eng yuqori xarid narxini taklif qildi, deya ta’kidladi Davaktiv.

“Xaridor jamiyatga tegishli Humo to‘lov tizimining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish majburiyatini oldi”, — deyiladi idora xabarida.

Paynet O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov operatorlaridan biri bo‘lib, 18 yildan beri moliyaviy texnologiyalar (fintech) sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. Paynet xizmati Botir Orifjonov tomonidan 2005-yilda tashkil etilgan. Keyinchalik tadbirkor kompaniyani Xalq banki nomidan davlatga sotdi va uning rahbarligidan ketdi. Tizim 1500 dan ortiq tovar va xizmat yetkazib beruvchilar uchun to‘lov imkoniyatini ta’minlaydi, oylik foydalanuvchilar soni esa 20 milliondan oshadi.

2022-yil avgust oyida Davaktiv Uzpaynetning 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ydi. Keyingi oy davomida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushdi, biroq takliflarni qabul qilish "qo‘shimcha aniqlik kiritish" bahonasida kechiktirildi.

Aprel oyida Paynet to‘lov xizmatini boshqaruvchi Uzpaynetning ta’sischisi o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansidagi 100 foiz davlat ulushi “New Industrial Technologies” kompaniyasiga o‘tdi. O‘shanda davlat aktivlari xususiylashtirish haqida ochiq e’lon qilmagan.

“New Industrial Technologies” MChJ 2019-yil aprel oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning ustav fondi 273,56 milliard so‘mni tashkil etadi. Aprel oyida firmaning 60% ta’sischisi xorijiy fuqaro Aleks Li (iyun oyida u yagona ta’sischi edi), 40% — Mustafo Orazbayevich Abdurahmonov edi. Abdurahmonov shuningdek, Asia Alliance Bankning asosiy aksiyadori bo‘lgan Asia Alliance Group kompaniyasining 77,6 foiziga egalik qiladi.

Bugungi kunda Mustafo Abdurahmonov yagona mulk egasi sifatida ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.