21-yanvar, seshanba kuni kechqurun Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Donald Tramp sunʼiy intellektni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan yangi kompaniya tashkil etilganini eʼlon qildi. Uning tarkibiga uchta yirik oʻyinchi kiradi: Amerikaning OpenAI ishlab chiqaruvchisi, Yaponiyaning SoftBank konglomerati va Amerikaning Oracle dasturiy taʼminot kompaniyasi.
Loyiha Stargate (“Yulduzli darvozalar” — tahr.) deb nomlangan. Uning budjeti 500 milliard dollar boʻladi. Loyihaning maqsadi sunʼiy intellektning yangi avlodini rivojlantirish uchun jismoniy va virtual infratuzilmani yaratishdan iborat. Xususan, kompaniya butun mamlakat boʻylab maʼlumotlar markazlarini qurishni rejalashtirmoqda.
“Stargate zudlik bilan sunʼiy intellekt sohasidagi yutuqlarning keyingi avlodini qoʻllab-quvvatlash uchun jismoniy va virtual infratuzilmani yaratishni boshlaydi. Bu ulkan maʼlumot markazlari qurilishini oʻz ichiga oladi,” — dedi Tramp.
Uchta kompaniyaning har biri 100 milliard dollarlik boshlangʻich hissa qoʻshadi. Kelgusi yillarda loyihaga kiritiladigan jami investitsiyalar hajmi 500 milliard dollarga yetadi.
“Bu ulkan loyiha yangi prezident boshchiligidagi Amerika salohiyatiga boʻlgan ishonchning ishonchli isbotidir”, — dedi Tramp.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, loyiha AQSHda 100 mingdan ortiq ish oʻrni yaratadi.
Oq uyda boʻlib oʻtgan tadbirda har uchala kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Oracle rahbari Larri Ellisonning maʼlum qilishicha, Texas shtatida dastlabki maʼlumot markazlari qurilishi allaqachon boshlangan. Kelgusida qurilish boshqa shtatlarga ham kengaytiriladi.
OpenAI rahbari Sem Altman Stargateʼni “zamonamizning eng muhim loyihasi” deb atadi. SoftBank bosh direktori Masayosi Son loyihaning ishga tushirilishini “Amerikaning oltin asrining boshlanishi” deb atadi.
“Agar siz gʻolib boʻlmasangiz, biz bu qarorni qabul qilmagan boʻlardik, — dedi u Trampga. — Bu biz boshqacha hal qila olmaydigan koʻplab murakkab muammolarni hal qilishga yordam beradi”.
Kompaniya rahbarlarining har uchalasi ham sunʼiy intellekt sogʻliqni saqlash sohasini sezilarli darajada yaxshilashi mumkinligini taʼkidladi. Tashabbusga boshqa investorlar ham qoʻshilishi kutilmoqda, ammo ularning ismlari hozircha oshkor etilmayapti.