Malayziyaning Meraque kompaniyasi Oʻzbekistonda agrosektor uchun dronlar ishlab chiqaradi

O‘zbekiston

Malayziyaning Meraque kompaniyasi Oʻzbekistonda aqlli qishloq xoʻjaligi texnikasi va dronlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi. U ishlab chiqargan dronlar 100 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻzbekiston va Malayziyaning Meraque kompaniyasi Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida dronlar va aqlli qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi, deb xabar qildi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Bu haqdagi bitim Shavkat Mirziyoyevning 4-5-fevral kunlari Malayziyaga tashrifi doirasida imzolangan.

Yangiyoʻl tumanidagi Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti hududida dronlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning sentyabr oyida Malayziyaning Meraque Group kompaniyasi zavod qurilishi va Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi dronlari ekotizimini yaratishga qariyb 5 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.

Korxonada mingga yaqin xodim ishlashi, u ishlab chiqargan dronlar esa 100 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatishi kutilgan edi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.