“Sputnik” mavzesi aholisi yangi turar-joy majmuasiga koʻchiriladi

O‘zbekiston

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “Yoʻldosh” (Sputnik) mavzesidagi 409 ta ikki qavatli yogʻoch uylar aholisi yangi turar-joy majmuasiga koʻchiriladi. Koʻp yillik daraxtlar bilan oʻralgan yogʻoch uylar oʻrnida dendropark barpo etiladi.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “Yoʻldosh” (Sputnik) mavzesidagi 409 ta ikki qavatli yogʻoch uylar aholisi yangi turar-joy majmuasiga koʻchiriladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Koʻchirilayotgan barcha aholi bepul kvartira oladi. Yangi uylar oshxona jihozlari, hammom-hojatxona va gaz plitasi bilan taʼminlanadi. Yangi kvartiralar maydoni avvalgi uy-joydan 20 foizgacha kattaroq boʻlishi mumkin. Masalan, eski kvartira 50 kv.m boʻlsa, yangisi 60 kv.m gacha yetishi mumkin.

“Yangi mahalla” turar-joy majmuasi “Gulshonobod” mahallasida 24 gektar maydonda joylashadi. Bu yerda 13392 ta xonadonli 93 ta 16 qavatli zamonaviy uy quriladi. Majmua infratuzilmasiga 1600 oʻquvchiga moʻljallangan maktab, 600 oʻrinli bolalar bogʻchasi, sunʼiy koʻl, maishiy xizmat koʻrsatish hududlari, shuningdek, yer usti va yer osti avtoturargohlar kiradi.

Koʻchirish 2-3 yildan soʻng boshlanib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun GC-Group Industriyes pudratchisi qurilishni yakunlab, kvartiralarni aholiga topshirishi shart. Loyiha qiymati 1,5 trillion soʻmni tashkil etadi.

Yangihayot tumani hokimi Hayot Inogʻomov buzilgan yogʻoch uylar oʻrnida yangi yirik qurilishlar boʻlmasligini, 60 yillik daraxtlar saqlanib qoladigan dendropark tashkil etilishini vaʼda qildi.

Boʻlajak bogʻ hududida kapital taʼmirlangan maktablar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi saqlanib qoladi. Biroq bir qavatli yogʻoch uylar, bolalar bogʻchalari va tijorat binolari buziladi. Yangi turar-joy majmuasidagi qolgan kvartiralar sotuvga qoʻyiladi, ammo “Yoʻldosh” mavzesi aholisi ularni sotib olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.

Koʻchirishdan bosh tortishi mumkin boʻlgan aholi uchun “Yoʻldosh” mavzesi yaqinida muqobil variantlar taklif etiladi. Masalan, agar imkoniyat boʻlsa, atrofdagi boshqa koʻp qavatli uylarda turar-joy berilishi mumkin.

Ijtimoiy obyektlar qurilishi mahalliy budjetdan moliyalashtiriladi. Tumandagi yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablagʻlar hokimiyat ixtiyorida qoladi. Kelgusi besh yilda Yangihayot tumani yerlarni sotishdan 1 milliard dollargacha mablagʻ olishni rejalashtirmoqda, bu esa loyiha xarajatlarini qisman qoplaydi.

Mavzuga oid materiallar