Work and Travel sayohatlari uchun chiptalar uchun ssudalar ajratiladi

O‘zbekiston

Prezident yozgi taʼtilda oʻqish va pul ishlash maqsadida Yevropa mamlakatlariga tashrif buyurish — Work and Travel kabi dasturlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni topshirdi. Yoshlar ishlari agentligi ishtirokchilarga parvoz xarajatlarini qoplash uchun ssudalar ajratadi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-dekabr kuni aholini talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish va yuqori maoshli ish bilan taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi.

Davlat rahbari Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar bilan viza rejimini soddalashtirish, taʼlim olish va malaka oshirish hamda xorijdagi zamonaviy korxonalarda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar uchun zarur choralarni koʻrish vazifasini yuklab qoʻydi.

Rivojlangan mamlakatlarda “Ishla va sayohat qil” (Work and Travel) kabi dasturlar mavjud. Xususan, oʻzbekistonlik yoshlar taʼtil vaqtida Yevropa mamlakatlariga tashrif buyurib, oʻqish va ishlashni birlashtirmoqda. Bunday imkoniyatdan foydalanishni kengaytirish maqsadida kelgusi yildan boshlab Yoshlar ishlari agentligi talabalarga yoʻl xarajatlarini qoplash uchun ssudalar (qaytarish sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari) berishni yoʻlga qoʻyadi.

Bundan tashqari, davlat rahbari xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqotni kuchaytirish, ular uchun yuqori maoshli ish bilan shugʻullanish imkoniyatlarini yaratish, ijtimoiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.

Mavzuga oid materiallar