Tramp tugʻilish huquqi boʻyicha AQSH fuqaroligini bekor qilish bilan tahdid qildi

Dunyo

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp tugʻilish huquqi asosidagi fuqarolikni bekor qilish niyatida ekanini bildirdi. Tramp barcha noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish bilan tahdid qilib, avval “jinoyatchilar”dan, soʻngra “boshqa shaxslar”dan boshlashga vaʼda berdi.

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp tugʻilish huquqi asosida Amerika fuqaroligini berishni toʻxtatishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi BBC.

Hozirda tugʻilish huquqi asosida fuqarolik olishni Konstitutsiyaning 14-tuzatishi kafolatlaydi. Unga koʻra, ota-onasining fuqaroligidan qatʼi nazar, AQSH hududida tugʻilgan har qanday shaxs mamlakat fuqarosi hisoblanadi. Bu tuzatish 1868-yilda Fuqarolar urushi paytida kiritilgan.

Respublikachilar bu qoidani bir necha bor tanqid qilishgan. Koʻpchilik partiya tarafdorlarining fikricha, ota-onasi AQSH fuqarosi boʻlmagan bolaga fuqarolik berish adolatli emas. Bundan tashqari, bunday fuqarolik berish “tugʻruq turizmi”ga olib kelgan. Tadqiqotchilarning maʼlumotlariga koʻra, har yili 30 mingdan ortiq ayol faqat bola tugʻish uchun qisqa muddatli vizalar bilan AQSHga kelgan.

Intervyuda Donald Tramp migratsiya bilan bogʻliq boshqa saylovoldi vaʼdalarini ham bajarishini taʼkidladi. Jumladan, respublikachi noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni osonlashtirmoqchi. Bu hatto oila aʼzolari AQSHda qonuniy asosda yashayotgan shaxslarga ham taalluqli.

Shu bilan birga, AQSHning saylangan prezidenti bolalik chogʻida mamlakat hududiga kelgan noqonuniy muhojirlarga yordam berish uchun demokratlar bilan hamkorlik qilishga rozi boʻldi.

Jurnalistlar Donald Trampdan 2021-yilgi Kapitoliydagi tartibsizliklar ishtirokchilarini afv etish niyati bor-yoʻqligini soʻrashdi. Respublikachi bu masalani maʼmuriyati ish boshlagan birinchi kuniyoq koʻrib chiqishini aytdi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.