2024-yilgi Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) reytingida Oʻzbekiston 72,8 ball toʻplab, 52-oʻrinni egalladi. Bu respublikaga Markaziy Osiyoda yetakchi mavqeni qoʻlga kiritish imkonini berdi. Bu haqda Politik Central Asia GEGI 2024 maʼlumotlariga asoslanib xabar bermoqda.
Gender tenglik va boshqaruv indeksining 2024-yilgi hisobotida soʻnggi ikki yil ichida va avvalgi hisobot eʼlon qilinganidan buyon butun dunyoda ayollar erishgan yutuqlar hamda duch kelayotgan muammolar koʻrib chiqilgan.
Reytingda Belgiya, Italiya, Portugaliya va Ispaniya kabi demokratik boshqaruv shakliga ega Yevropa davlatlari hamon yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Biroq, Afgʻoniston, Eron, Mavritaniya va Qatar kabi mamlakatlarda ayollar hamon qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Taʼkidlanishicha, mamlakatdagi islohotlar, jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi oʻzgarishlar vaziyatni yaxshilashga taʼsir koʻrsatgan.
Ayollarning IT va STEM loyihalardagi ishtiroki oshgani, qizlar uchun raqamli koʻnikmalar boʻyicha taʼlim dasturlari ishga tushirilgani, shuningdek, ayollar huquqlarini himoya qilish va tenglikni taʼminlash choralari koʻrilgani alohida taʼkidlangan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari quyidagi oʻrinlarni egalladi:
Qozogʻiston — 76-oʻrin (2022-yilda 84-oʻrin);
Qirgʻiziston — 99-oʻrin (2022-yilda 91-oʻrin);
Tojikiston — 103-oʻrin (2022-yilda 118-oʻrin);
Afgʻoniston — oxirgi 158-oʻrin (oʻz oʻrnini saqlab qoldi);
Turkmaniston — reytingda yoʻq.