20-dekabr kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari va 2025-yilga moʻljallangan asosiy rejalar boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtmoqda, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Tadbirkorlarning 6,5 trillion soʻmlik sarmoyasi evaziga 24 ming oʻrinli mehmonxona foydalanishga topshirilgani taʼkidlandi.
“Kelgusi yilda mehmon oʻrinlari soni yana 30 mingtaga koʻpayadi. Tadbirkorlar 10 trillion soʻm investitsiya kiritishga tayyor”, — dedi prezident.
Joriy yilda ishga tushirilgan 17 ta yirik savdo-turizm markaziga yana 25 ta shunday majmua qoʻshiladi.
Davlat rahbari Chorvoq qirgʻogʻidagi Sea Breeze Uzbekistan xalqaro sayyohlik markazining qiymatini 10 milliard dollarga baholadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston bozoriga Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi jahonga mashhur 23 ta mehmonxona brendi kirib kelmoqda.
Savdo-sotiqni rivojlantirish boʻyicha alohida kompaniya tashkil etilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 mln dollar ajratildi. Natijada tadbirkorlar har bir ajratilgan dollarga 6 dollarni eksport qilgan.