Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va unda federatsiya raisi tasdiqlandi.
Ushbu lavozimga mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov nomzodi ko‘rsatilib, majlis delegatlari tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.
Shuhrat Xalmuxamedov ishtirokchilarga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, barcha sa’y-harakatlar va imkoniyatlar davlatimiz rahbari qarori talablari asosida o‘q otish sportini ommalashtirish va rivojlantirishga yo‘naltirilishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, federatsiya raisi o‘q otish sporti obektlari qurilishi, sportchilarni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash, shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘rtasida snayperlar kubogi va yoshlar o‘rtasida milliy chempionat o‘tkazish rejalari haqida so‘zlab berdi.
Federatsiyaning asosiy e’tibori Los-Anjelesdagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun lisenziyalar olish va sportchilar sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishga qaratiladi.