Beeline.uz va Mobi.uz telekommunikatsiya kompaniyalari xodimlari mijozlarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy oshkor qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda advokat Behzod Gʻaniyev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Sudning 1-1006-2407/980-sonli ishi bo‘yicha hal qiluv qaroriga ko‘ra, Beeline.uz xodimi D.M. fuqaro O.O.ga abonent A.R.ning telefon raqami, F.I.O. va yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bergan.
Shunga o‘xshash jinoyatni Mobi.uz xodimi Sh.Y. ham sodir etib, fuqaro O.O.ga abonent A.U.ning raqami va shaxsiy ma’lumotlari haqida ma’lumot bergan.
Sud ularning harakatlarini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzish deb baholadi (O‘zR JK 141-2-moddasi 2-qismi). Hukm qonuniy kuchga kirdi.
Advokat ayblanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazoga aniqlik kiritmadi.