Ichki ishlar vazirligi ayrim turdagi avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalarini o‘zgartirish to‘g‘risida farmoyish chiqardi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Endilikda BHMning 1,5 baravari (562 500 so‘m) miqdoridagi pasaytirilgan ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi elektromobillar, mototsikllar, tirkamalar qatori gibrid avtomobillar, mopedlar va skuterlarga ham tatbiq etiladi. Boshqa avtotransport turlari uchun bahorda belgilangan 6,84 BHM (2 565 000 so‘m) stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.
Mototsikl, elektromototsikl, moped, skuter va tirkamalarga raqam belgilari berish uchun yig‘im avvalgi 1,75 BHM (656 250 so‘m) o‘rniga 1,5 BHMni tashkil etadi. Yo‘qolgan raqam o‘rniga ushbu transport turlariga yangi raqam berilganda, shuningdek, har qanday turdagi shikastlangan raqamlarni almashtirish uchun ham xuddi shunday to‘lov undiriladi.
Yaroqsiz holga kelgan (1 BHM) yoki shikastlangan (BHMning 70 foizi yoki 262 500 so‘m) avtomobil va mototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma dublikatini berish uchun to‘lov bekor qilinadi.
Shuningdek, avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi vaqtinchalik guvohnoma dublikati uchun 5 BHM (1 875 000 so‘m) miqdoridagi to‘lov undirilmaydi.