O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
25-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda 2024-yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.
Mintaqalararo savdo va kooperatsiyani, eng avvalo, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni yanada bartaraf etish orqali kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Ko‘p qirrali sheriklikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi. Muhandislik maktablarini tashkil etish, internet texnologiyalari, katta ma’lumotlar industriyasini rivojlantirish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va tinch atom, raqamli yechimlarni joriy etish haqida so‘z bordi.
Shu bilan birga, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.