O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan 2024-yilda O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmining pasayishi bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotga izoh berdi.
ISSV hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 49 foizga kamayib, 4 milliard dollarni tashkil etgan.
ISSV Investitsiyalar monitoringi departamenti boshlig‘i J. Qambarov:
“O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi sifatida ayrim ommaviy axborot vositalarida 2024-yilda O‘zbekistonga investitsiyalar 49 foizga kamayganini aytuvchi xabarlarga izoh bermasdan ilojim yo‘q.
Men Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) ning 2024-yilda mintaqaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hisobotini diqqat bilan o‘rgandim. Nimani angladim? ESKATO ekspertlari ma’ruzani tayyorlashda ma’lumotlarni u yoki bu mamlakatga sarmoya kiritish niyatlari to‘g‘risidagi press-relizlar, media-hisobotlar, kompaniyalarning bayonotlari asosida to‘playdigan platformadan foydalanishgan.
Demak, hisobot faqat xorijiy kompaniyalarning dastlabki rejalarini aks ettiradi va amalda kiritilgan investitsiyalarning tasdig‘i hisoblanmaydi. Misol uchun, ESKATO hisobotida ta’kidlanishicha, investor mintaqa mamlakatlaridan birida qiymati 11 milliard dollarlik energetika obyektlarini qurishni rejalashtirmoqda. Internetda oddiy qidiruv shuni ko‘rsatdiki, bunday rejalar to‘g‘risidagi memorandum atigi bir necha oy oldin imzolangan ekan. Bunday yirik loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘p yillar kerakligini barcha mutaxassislar yaxshi tushunadi.
Shuning uchun rejalarni amalda kiritilgan investitsiyalardan farqlash muhimdir. Investitsiyalar hisobi uchun mas’ul mutaxassis sifatida OAV va blogerlar hamjamiyati chuqur o‘ylamasdan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatayotganini ko‘rib, ko‘nglim g‘ash bo‘ldi.
Shu munosabat bilan biz hamkasblarimiz bilan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalda o‘zlashtirilgan investitsiyalar va xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot tayyorladik va ESKATOga yubordik (aytgancha, ma’lumotlar YUNKTAD metodologiyasi bo‘yicha statistik hisobotning xalqaro standartlari asosida shakllantiriladi).
Bu yerda ba’zi ma’lumotlarni keltirsam, foydali bo‘ladi deb o‘ylayman. Hozirgi kunda O‘zbekistonda moliyalashtirish ochilgan investitsiya loyihalarining umumiy portfeli 148 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shundan 36 milliard dollari 2024-yilda o‘zlashtirilishi kutilmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon xorijiy investitsiyalar ishtirokida 240 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirildi.
Misol uchun, faqat energetika sohasida umumiy qiymati 7 milliard dollardan ortiq 24 ta loyiha ishga tushirildi. Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati qariyb 2300 megavatt bo‘lgan 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar tarmoqqa ulandi.
Metallurgiya sohasida 881 million dollarlik 3 ta loyiha, kimyo sohasida 267 million dollarlik 15 ta loyiha, to‘qimachilik sanoatida 546 million dollarlik 32 ta loyiha va boshqalar ishga tushirildi.
Vazirligimiz OAV uchun doimo ochiq bo‘lib, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatishdan oldin jurnalistlar izoh va ishonchli ma’lumot olish uchun vakolatli organlarga murojaat qilishlarini istardik. Chunki noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish mamlakatimizning obro‘si va investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”.