2024-yil yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha yillik bazaviy narxi 2,1 foizga pasaydi, deb xabar berdi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO).
Dekabr oyida FAOning oziq-ovqat narxlari indeksi noyabr oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 0,5 foizga pasaydi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida shakar va bug‘doy eng ko‘p arzonlashgan. Qand qamishining yaxshi hosili fonida shakarning jahon narxlari 13,2 foizga pasaydi (2023-yildagi o‘rtacha narxlarga nisbatan). Xuddi shu davrda bug‘doy narxining pasayishi hisobiga don 9,3 foizga arzonlashdi, guruch va makkajo‘xori esa yilni arzimas o‘sish bilan yakunladi.
2024-yilda guruchning o‘rtacha narxi o‘tgan yilga nisbatan 0,8 foizga yuqori bo‘lib, 16-yillik eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Shu bilan birga, o‘simlik yog‘ining o‘rtacha yillik narxlari 9,4 foizga oshdi. Dunyoda cho‘chqa go‘shti narxi sezilarli darajada pasayganiga qaramay, go‘sht 2,7 foizga qimmatlashdi. 2024-yilda sut mahsulotlarining o‘rtacha narxlari 2023-yilga nisbatan 4,7 foizga yuqori bo‘ldi.