O‘zbekistonda 2025-yilda byudjet xarajatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

O‘zbekiston

O‘zbekiston prezidenti byudjet mablag‘larini tejash va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromadlar mavjud bo‘lganda yoki byudjetning boshqa moddalari qisqartirilganda amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Ish haqini oshirish, qimmatbaho mebel va xizmat avtomobillarini xarid qilishga cheklovlar kiritildi.

Foto: autostrada.uz

25-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti 2025-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi, unga ko‘ra vazirlik, idora va hokimliklar byudjet mablag‘larini tejash va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish tamoyillariga qat’iy rioya qilishlari kerak.

Hujjat bilan byudjetning bosh taqsimlovchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar zimmasiga xarajatlarni qisqartirish choralarini ko‘rish majburiyati yuklatiladi. Byudjet taqchilligini oshirishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarga faqat qo‘shimcha daromadlar mavjud bo‘lganda yoki xarajatlarning boshqa moddalari qisqartirilgandagina yo‘l qo‘yiladi.

2025-yilda quyidagilar taqiqlanadi:

  • Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlarining ish haqlarini oshirish (eng kam ish haqi oshirilgan hollar bundan mustasno).

  • Hududiy va shahar byudjetlari (ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun asbob-uskunalardan tashqari) hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus transportdan tashqari), qimmatbaho mebel va ofis uskunalarini sotib olish.

  • Xuddi shunday xaridlar byudjetdan tashqari jamg‘armalardan faqat Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.

  • 2025-yilda byudjet tashkilotlarining mebel, texnika va moddiy-texnika vositalari (bolalar bog‘chalari, maktablar va tibbiyot muassasalaridan tashqari) sotib olish bo‘yicha xarajatlari 2024-yilga nisbatan 10 foizga kamaytirilishi kerak.

Mahalliy hokimiyat organlariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • Ish haqi, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar sotib olish va kommunal xizmatlar haqini kechiktirishga yo‘l qo‘yish.

  • Qonuniy asoslarsiz mahalliy byudjetlar hisobidan yangi ish o‘rinlari yaratish.

  • Tadbirlarni aniq moliyalashtirish manbaisiz o‘tkazish.

2025-yil 1-yanvardan boshlab ilgari tuman va shahar byudjetlaridan mablag‘ olgan tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar byudjetlari va Toshkent shahri byudjetidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.