Ijtimoiy tarmoqlarda yangi xavf — ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 dan xavfliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan metapnevmovirus infeksiyasi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ushbu ma’lumotlarga izoh berdi.
Metapnevmovirus birinchi marta 2001-yilda aniqlangan. U havo-tomchi yo‘li bilan uzatiladi, lekin ifloslangan yuzalar bilan aloqa orqali ham tarqalishi mumkin, deyiladi xabarda. Virus faolligining eng yuqori cho‘qqisi kuz-qish davriga to‘g‘ri keladi.
Metapnevmovirus infeksiyasi simptomlari o‘tkir respirator kasalliklarga o‘xshab ketadi: tumov, yo‘tal, tana haroratining ko‘tarilishi shular jumlasidandir. Ba’zi hollarda bronxiolit yoki pnevmoniya boshlanishi mumkin.
Metapnevmovirus bilan kasallanganlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.
Virus har yili dunyoning barcha mamlakatlarida qayd etiladi. O‘zbekistonda ham o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilmoqda.
So‘nggi laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, respirator infeksiyalar orasida 36,9% holat - gripp, 30,2% - rinovirus, 28,6% - respirator-sinsitial virus, 1,2% - metapnevmovirus, 3,1% - boshqa viruslardir.
Shu munosabat bilan fuqarolarga quyidagilar tavsiya etiladi:
profilaktika va gigiyena tadbirlariga rioya qilish;
odamlar gavjum bo‘ladigan joylarga bormaslik, ayniqsa, bunday joylarga bolalarning borishini cheklash;
kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, kasal oila a’zolarini izolyatsiya qilish va shifokor tavsiyalariga rioya qilish.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda odam metapnevmovirusining tarqalishi qayd etilgan edi. Tibbiyot muassasalarida 23-29 dekabr kunlari olingan respirator namunalarning tahlil natijalari gripp, odam metapnevmovirusi va rinovirus viruslari mavjudligini ko‘rsatdi. Bu haqda Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi boshqarmasi xabar berdi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, kasallik odamda O‘RVI ni keltirib chiqaradi. Bu kasallikka asosan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar chalinadi. Xitoyda mamlakatning shimoliy provinsiyalarida yashovchi odamlar eng ko‘p kasallanadi.
Inson metapnevmovirusi Xitoy hududi bo‘ylab faol tarqaladi. Shuningdek, so‘nggi oydagi tahlillarga ko‘ra, odamlar paragripp, koronavirus, boqavirus va turli respirator kasalliklar bilan kasallanmoqda.
Independent nashri Xitoyda respirator kasalliklar avj olgani, bu esa shifoxonalarning to‘lib ketishiga olib kelgani haqida xabar berdi.
Xitoyning shimoliy viloyatlarida odam metapnevmovirusi (HMPV) sifatida aniqlangan virus bilan kasallanish holatlari keskin oshdi. Ayniqsa, bu kasallik bolalar orasida kuchli tarqalgan.
Metapnevmovirus oddiy shamollash va grippga o‘xshash simptomlarni chaqiradi. Kasallik odatda yengil kechsa-da, pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin, ayniqsa chaqaloqlar, keksalar va immun tizimi zaiflashgan odamlarda.
Dekabr oyi oxirida Tayvanning Money UDN nashri metapnevmovirusdan o‘lim darajasi yuqori - 43% gacha ekani haqida yozgan edi. Tezkor skrining uchun reagentlar mavjud bo‘lgan COVID-19 dan farqli o‘laroq, odam metapnevmovirusiga tekshirish uchun bunday reagentlar yetarli emas. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda ushbu kasallikni davolash uchun virusga qarshi dori vositalari mavjud emas va yuqtirilganda faqat qo‘llab-quvvatlovchi terapiyani tayinlash mumkin.