Oʻzbekiston prezidenti mamlakatning kosmik faoliyatini tartibga soluvchi qonunni tasdiqladi. Norma xabar qilishicha, ushbu hujjat koinotni oʻzlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va tamoyillarini, shuningdek, kosmik sohani rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalarni belgilaydi.
Qonun Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish, uning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Yer va koinotni oʻrganish, hamda kosmik texnologiyalarni iqtisodiyotga joriy etishga qaratilgan. Hujjatda koinotni ilmiy tadqiq qilish, sunʼiy yoʻldoshlardan navigatsiya, aloqa, masofadan zondlash maqsadlarida foydalanish, shuningdek, kosmik obyektlarni ishlatish va utilizatsiya qilish qoidalari batafsil bayon etilgan.
Kosmik faoliyatni muvofiqlashtirish Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“Oʻzbekkosmos”)ga yuklatilgan. Shuningdek, qonun Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Mudofaa vazirligining ushbu sohadagi vazifa va vakolatlarini belgilaydi.
Kosmik loyihalarni amalga oshirishda aholi salomatligi, atrof-muhit va mulkni majburiy himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralar har yili 20-iyulgacha kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni “Oʻzbekkosmos”ga taqdim etishi shart.