Afrosiyob poyezdi relsdagi toʻsiq tufayli favqulodda toʻxtab qoldi

O‘zbekiston

14-yanvar kuni Ziyovuddin va Navoiy bekatlari orasidagi temir yoʻlda Afrosiyob poyezdi beton shpalga urilib, shoshilinch toʻxtashga majbur boʻldi. Mashinistlarning mahorati tufayli jiddiy oqibatlarning oldi olindi va yoʻlovchilar jarohatlanmadi. Poyezd 1 soat 24 daqiqa kechikish bilan yoʻlini davom ettirdi, voqea yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

14-yanvar kuni soat 23:15 da Samarqand viloyatidagi Ziyovuddin va Navoiy bekatlari orasidagi temir yoʻl qismida (3872-kilometr) 772-sonli “Toshkent — Buxoro” yoʻnalishidagi Afrosiyob tezyurar poyezdi bilan hodisa yuz berdi, deya xabar qilmoqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” matbuot xizmati.

Relslarda beton shpala borligi aniqlandi, shu sababli mashinistlar shoshilinch ravishda tormozlashga majbur boʻlishdi.

“Ekipajning professional harakatlari tufayli jiddiy oqibatlarning oldi olindi va yoʻlovchilar hayotiga xavf tugʻilmadi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Poyezd toʻxtaganidan soʻng texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Baʼzi shikastlanishlarga qaramay, tarkib keyingi harakat uchun xavfsiz deb topildi va Buxoroga 1:27 da 1 soat 24 daqiqa kechikish bilan yetib keldi.

Voqea joyiga “Ziyovuddin” temir yoʻl masofasi mutaxassislari, hududiy uzel va transportda xavfsizlik xizmati xodimlari yetib kelishdi. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hodisa sodir boʻlgan paytda poyezdda 133 nafar yoʻlovchi bor edi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.