Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Oʻzbekistonga 2024-yilda investitsiyalarning rekord darajadagi hajmini amalga oshirdi.
Yil davomida bank va mamlakat hukumati umumiy qiymati 938 million yevro (960 million dollar) boʻlgan 34 ta kelishuvga erishdi, bu Markaziy Osiyo uchun eng yuqori koʻrsatkich boʻldi. Moliyalashtiruvchi tashkilotlardan qoʻshimcha ravishda 383 million yevro jalb qilishga muvaffaq boʻlindi.
Investitsiyalarning katta qismi, qariyb 55 foizi “yashil” iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, kimyo sanoati va boshqa tarmoqlardagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi. Asosiy loyihalar orasida Toshkent viloyatida quvvati 200 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasini va 501 MVt/soat elektr energiyasini saqlash tizimini qurish kiradi. $226 mln miqdoridagi moliyalashtirish A/B krediti shaklida taqdim etildi, bu esa akkumulyator majmuasini YTTB mavjud boʻlgan mamlakatlar orasida eng yiriklaridan biriga aylantirdi.
Bundan tashqari, bank Navoiy viloyatida 230 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish uchun 66,4 million dollar, Chirchiq shahrida “Oʻzkimyosanoat” va ACWA Power tomonidan amalga oshirilayotgan “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihalariga 65 million dollar ajratdi. Shuningdek, YTTB Urganch va A380 magistrali oʻrtasidagi avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish, shu jumladan Amudaryo orqali yangi koʻprik qurish uchun 238 million dollar miqdorida suveren kredit ajratdi.
Mamlakat moliya sektori kreditlar va savdo moliyalashtirish shaklida 300 million yevrodan ortiq mablagʻ oldi, jumladan, TBC Uzbekistan kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha investitsiyalar va qarz jalb qildi. YTTBning kichik biznes uchun maslahat dasturi doirasida Oʻzbekistonda 60 ta loyiha amalga oshirildi, ularning yarmi ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga bagʻishlangan. Dasturlarda jami 80 ming tadbirkor ishtirok etdi.