Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu markaz prezidentning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari uning poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi.
Markaz binosi uch qavatli boʻlib, qadimiy meʼmoriy yodgorliklar uslubida qurilgan. Uning balandligi 65 metr boʻlgan anʼanaviy gumbazi, toʻrt tomonida 34 metr balandlikdagi peshtoqlari bor.
“Bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarur”, — dedi prezident.
Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi — qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, Oʻzbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski oʻzbek tilidagi tarjimalari qoʻyiladi. Jahondagi eng nodir qoʻlyozma Qurʼonlardan namunalar ham oʻrin oladi.
“Xalqimizning boy va betakror merosiga oid koʻp kitoblar, turli oʻlkalarga sochilib ketgan qoʻlyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼlum edi. Mana shu markaz sabab boʻlib tarixni oʻrganishda katta qadamlar qoʻydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning taʼsiri, natijasi qanday boʻladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targʻib qilish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans” kabi boʻlimlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qoʻlyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Margʻinoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida maʼlumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom maʼrifatiga qoʻshgan hissasi atroflicha yoritilgan.
“Nasib etsa, bu majmua oʻzimizning meʼmoriy tajribamiz, Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-maʼnaviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir boʻlimning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani eʼtiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega boʻlishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy oʻzligimizni anglash va anglatish”, — dedi davlat rahbari.