Oliy sud Allamjonov xodimlarini hibsga olish toʻgʻrisidagi qarorlarni bekor qildi

O‘zbekiston

Oliy sud Komil Allamjonovning atrofidagi yetti nafar fuqaroni: qoʻriqchilar, haydovchi va boshqalarni ozodlikka chiqardi. Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligi sababli ularga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilindi.

Oʻzbekiston Oliy sudi Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov atrofidagi yetti nafar fuqaroning shikoyatini taftish tartibida koʻrib chiqdi. Bu haqda sud matbuot kotibi Aziz Abidov maʼlum qildi.

Avvalroq sudlar tomonidan B.Yoqubov, S.Sidiqov, A.Qurbonmurodov, A.Tashov, A.Salimov, J.Turgʻunov va X.Zufarov (qorovul, haydovchi va boshqalar) ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) 1-qismi va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangandi.

Oliy sud maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik faktini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligi sababli ularga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilindi, deb qaror qildi. Ish yuritish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga (voqea yoki huquqbuzarlik tarkibining yoʻqligi) asosan tugatilgan.

“Ish yuzasidan surishtiruv harakatlarini olib borishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillarni toʻplash choralarini koʻrmagan IIB xodimiga nisbatan Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek ishni sudda koʻrib chiqishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligiga eʼtibor bermagan sudyalarga nisbatan Sudyalar malaka hayʼatiga xususiy ajrimlar chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirildi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston harbiy sudi Prezident Administratsiyasining sobiq xodimi Komil Allamjonovga suiqasd qilish ishi boʻyicha ayblanayotgan 10 kishiga nisbatan hukm chiqardi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.