Avstraliyada 16 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun qabul qilindi

Dunyo

Avstraliya parlamentining yuqori palatasi - Senat 16 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. 34 nafar senator taqiq uchun, 19 nafari qarshi ovoz berdi.

Foto: Ochiq manbalar

The Guardian xabar berishicha, Avstraliya Senati 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Taklif 34 senator tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 19 senator esa qarshi chiqdi.

Qonunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar voyaga yetmagan foydalanuvchilarning kirishini to‘sishi shart. Qoidabuzarlik uchun 50 million Avstraliya dollarigacha (taxminan 32,5 million AQSH dollari) jarima belgilangan. Qonun TikTok, Instagram, X (avvalgi Twitter), Facebook, Reddit va Snapchat platformalariga ta’sir qilishi mumkin. Avstraliya aloqa vaziri Mishel Roulend ta’kidlashicha, YouTube ta’lim qiymati tufayli ro‘yxatga kiritilmagan.

Foydalanuvchilarning yoshini tekshirishning aniq usullari hozircha belgilanmagan. Kelgusi olti oy ichida hukumat turli texnologiyalarni sinovdan o‘tkazmoqchi. Qonun bir yildan so‘ng kuchga kiradi.

Bosh vazir Entoni Albaneze tashabbus ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar ruhiy salomatligiga salbiy ta’siriga qarshi kurashga qaratilganini izohlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning ko‘proq ochiq havoda bo‘lishlari, sport bilan shug‘ullanishlari va real hayotda muloqot qilishlari muhimdir.

BBC News ta’kidlashicha, ko‘plab ota-onalar tashkilotlari hukumat qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq olimlar, siyosatchilar va huquq himoyachilari xavotir bildirdilar. Ularning fikricha, taqiq o‘smirlarning yakkalanishini kuchaytirishi yoki ularni yashirin internet-resurslardan foydalanishga undashi mumkin. Bundan tashqari, ekspertlar shaxsiy ma’lumotlarning oshkor bo‘lish xavfini tanqid qilib, qonunni ishlab chiqish jarayoni juda shoshilinch bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid materiallar