Joriy yilning oʻtgan davrida Buxoroga 1,5 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi. Davlat rahbarining 31-may–1-iyun kunlaridagi amaliy tashrifi hudud rivojiga qoʻshimcha turtki berdi. Unda belgilangan vazifalar yil yakunigacha toʻla amalga oshiriladi.
Endi kelayotgan 2025-yilda iqtisodiy koʻrsatkichlarni yanada oshirib, aholi bandligi va farovonligini taʼminlash zarur. Shu maqsadda ishchi guruh tomonidan viloyatdagi qoʻshimcha imkoniyatlar, tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan omillar oʻrganilgan.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatning iqtisodiy koʻrsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni oʻzlashtirish, kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga oʻtadi. Butun eʼtibor shu uchta yoʻnalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyihani amalga oshirib, 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambagʻallikdan chiqarish lozim.
Qayd etilganidek, viloyatning har bir hududini sanoatning muayyan tarmogʻiga, masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini qurilish materiallari hamda toʻqimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondor oziq-ovqat, Gʻijduvon va Romitanni kimyo sanoatiga ixtisoslashtirish kerak. Bu tadbirkorlarning 150 million dollarlik loyihalariga yoʻl ochadi. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 mingta ish oʻrni paydo boʻladi.
Kelgusi yil Buxoroda xorijlik sayyohlar soni 2,2 millionga, turizm eksporti 600 million dollarga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 mingta hunarmandchilik rasta va doʻkonlari barpo etilishi bunga katta hissa qoʻshadi.
Yigʻilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish moʻljallangani aytildi. Ularda 105 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi, 350 million dollar eksport boʻladi.
Davlat rahbari bu rejalar viloyat uchun yetarli emasligini taʼkidlab, saʼy-harakat va natijalarni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Takliflarni yana bir bor koʻrib chiqib, qaror loyihasini kiritish topshirildi.