Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol qoʻzgʻolon ishi boʻyicha gumonlanuvchiga aylanganini prokuratura favqulodda harbiy holat maxsus tergov shtabi rahbari Pak Se Xyon brifingda tegishli savolga javob berar ekan maʼlum qildi.
“Agar bu ishdagi faktlarni qisqacha tushuntiradigan boʻlsak, davlat amaldori oʻz vakolatini suiisteʼmol qilib, mamlakat konstitutsiyasini buzish maqsadida qoʻzgʻolon koʻtargan”, — deya uning soʻzlarini keltirmoqda Yonhap agentligi.
Bundan tashqari, qoʻzgʻolonda ayblangan sobiq milliy mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 8-dekabr kuni qamoqqa olindi.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun harbiy holat eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, bu qaror “Shimoliy Koreyaga xayrixoh boʻlgan davlatga qarshi kuchlarni yoʻq qilish” maqsadida qabul qilingan. Taxminlarga koʻra, bu parlamentda koʻpchilikni tashkil etuvchi demokratik partiyaning respublika bosh prokurori va davlat auditorini lavozimidan chetlashtirish haqidagi rejalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Harbiy holat eʼlon qilingach, parlament binosiga harbiy xizmatchilar keldi, biroq deputatlar majlis oʻtkazib, prezidentning bu qarorini bekor qilishga erishdi. Umumiy yigʻilishda qatnashgan 190 nafar parlament aʼzosi harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz berdi. Mamlakat rahbari va hukumat ovoz berish natijalarini qoʻllab-quvvatladi. Harbiy holat bekor qilingandan soʻng, mudofaa vaziri isteʼfoga chiqdi.
5-dekabr kuni Janubiy Koreya politsiyasi prezidentga nisbatan isyonchilikda gumonlanib, tergov olib borayotgani maʼlum boʻldi. Janubiy Koreya Jinoyat kodeksining 87-moddasi (xiyonat bilan bogʻliq jinoyatlar) toʻntarish yoki milliy konstitutsiyani buzish maqsadida tartibsizliklarda qatnashgan shaxslarga jazo belgilashni nazarda tutadi. Isyon koʻtarishda aybdor deb topilganlar oʻlim jazosiga yoki umrbod qamoqqa mahkum etiladi. Amaldagi prezident sudga tortilmaslik imtiyoziga ega, ammo isyon va valyuta firibgarligi bilan bogʻliq jinoyatlar bundan mustasno.
7-dekabr kuni mamlakat parlamenti prezidentga impichment eʼlon qilish uchun yetarli ovoz toʻplay olmadi.