Dushanba kuni Yonhap agentligi xabar berishicha, Janubiy Koreya Adliya vazirligi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolning harbiy holat eʼlon qilishi bilan bogʻliq tergov tufayli uning xorijga chiqishini taqiqladi.
Ushbu chora mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida kuchga kirdi.
Shuningdek, keyinchalik uning rafiqasi Kim Kon Xi uchun ham sayohat taqiqini joriy etish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Janubiy Koreya politsiyasi va prokuraturasi prezidentning qisqa muddatga harbiy holat joriy etgani bilan bogʻliq ayblovlarni koʻrib chiqish uchun maxsus tergov guruhlarini tuzgan.
Oʻtgan hafta Yun Sok Yol mamlakatda “hukumatga qarshi faoliyat tufayli” harbiy holat eʼlon qilgan edi. Prezidentning bu qarori hukmron “Xalq kuchi” partiyasida ham, Demokratik partiyadagi muxolifatchilar orasida ham tushunmovchilik uygʻotdi, ular koʻrilgan choralarni konstitutsiyaga zid deb baholadi. Natijada parlament harbiy holatni bekor qilish uchun bir ovozdan qaror qabul qildi. Janubiy Koreya konstitutsiyasiga koʻra, bunday hollarda mamlakat prezidenti parlament qarorlarini bajarishi shart.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya muxolifati prezidentga nisbatan impichment tartib-qoidasini boshlash tashabbusi bilan chiqdi. Biroq u impichmentdan qutula oldi, chunki hukmron “Xalq kuchi” partiyasidan saylangan deputatlarning aksariyati ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortdi.