Toshkent xalqaro aeroportining uchish zaliga royal oʻrnatildi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
“Dunyoning koʻplab aeroportlarida fortepiano bor va ulardan istalgan yoʻlovchi foydalanishi mumkin. Biz ham ushbu gʻoyani tatbiq etishga qaror qildik va bojsiz savdo zonasida ajoyib musiqa asbobini oʻrnatdik”, — deya taʼkidladi matbuot xizmati.
Uzbekistan Airports vakillari buning nima uchun kerakligini tushuntirdi.
“Birinchidan, aeroport allaqachon odamlar faqat parvoz qilish uchun keladigan bino maqomidan voz kechgan. Bugungi kunda, yoʻlovchilar aeroportda maʼlum bir xizmatlarni kutishadi - doʻkonlar, kafelar, bankomatlar, quvvatlash stansiyalari va boshqalar. Ammo bularning barchasidan tashqari, odamlar koʻngilochar narsalarni koʻrishni istaydilar. Yoʻlovchilarimiz raqs yoki opera fleshmobi, maqom konserti yoki shunga oʻxshash biror bir madaniy tadbirga doim ijobiy munosabatda boʻlishadi. Shunday qilib, biz fortepiano ajoyib koʻngilochar vosita boʻladi degan fikrga keldik. Bundan tashqari, uzoq davom etadigan parvozlar maʼlum darajada stress holatini keltirib chiqarishi mumkin. Odamlar samolyotni kutayotganda asabiylashishlari mumkin, musiqa esa taranglikni yoʻqotadi, dam olishga, tinglovchilarning ham, musiqachining ham kayfiyatini koʻtarishga imkon beradi”, — deya taʼkidladi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Weinbach T200 salon royali ajoyib tovush xususiyatlari va ajoyib tembrga ega. Asbobni tegishli koʻnikmalarga ega boʻlgan barcha xohlovchilar chalishlari mumkin.