Agar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari amirlikni inson huquqlarini buzgani yoki tabiatga zarar yetkazgani uchun jarimaga tortsa, Qatar Yevropaga suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda Qatar energetika vaziri va QatarEnergy kompaniyasi rahbari Saad al-Ka’bi Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bizni jazolashlariga yo‘l qo‘ymayman. Men Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtataman”, — dedi al-Kaabi.
Joriy yilning iyul oyida kuchga kirgan Direktiva Yevropa Ittifoqida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalardan o‘z faoliyati, shuningdek sho‘ba korxonalari va hamkorlarining faoliyati natijasida inson huquqlari va atrof-muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan va haqiqiy salbiy ta’sirlarni aniqlash hamda bartaraf etishni talab qiladi. Direktiva Yevropa Ittifoqining 2050-yilga kelib atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini nolga tushirish bo‘yicha harakatlarining bir qismidir.
Talablar hozircha amal qilmaydi: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ko‘rsatmani 2026-yil iyulgacha o‘z milliy qonunchiligiga kiritishi kerak, uni birinchi kompaniyalarga qo‘llash esa 2027-yildan boshlanadi.
Yuridik shaxslarni direktivani bajarishga majburlash ko‘rsatmalar va sanksiyalar, shu jumladan jarimalar orqali amalga oshiriladi. FTning ma’lum qilishicha, gap kompaniyalar yillik daromadining kamida 5 foizi miqdoridagi jarimalar haqida ketmoqda.
“QatarEnergy daromadining 5 foizi Qatar davlati daromadining 5 foizidir. Bu xalqning puli... shuning uchun men bunday pulni yo‘qotolmayman va hech kim bunday pulni yo‘qotishga rozi bo‘lmaydi”, — dedi al-Kaabi.
Vazir “QatarEnergy” global ta’minot zanjirida 100 mingga yaqin kompaniya ishtirok etayotgani va ularning auditini o‘tkazish ham moliyaviy, ham inson resurslari jihatidan qimmatga tushishi bilan ko‘rsatma talablarini bajarish imkonsizligini tushuntirdi. Bundan tashqari, u energiya kompaniyasi uchun chiqindilarning nol darajasiga erishishni noreal deb hisobladi.
Al-Kaabining ta’kidlashicha, agar gap umumjahon daromadidan emas, balki Yevropadagi daromadning 5 foizi haqida borsa, Qatar jarimalarni to‘lash imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
O‘tgan yili Yevropa Ittifoqiga Qatardan gaz yetkazib berish 15,5 milliard kub metrni yoki umumiy importning 5,3 foizini tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat Bryussel gaz sotib olgan davlatlar orasida oltinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda Norvegiya (30,3%, 87,8 mlrd kub metr), ikkinchi o‘rinda AQSH (19,4%, 56,2 mlrd kub metr), uchinchi o‘rinda Rossiya (quvurlar orqali — 8,7%, 25,1 mlrd kub metr va STA shaklida — 6,1%, 17,8 mlrd kub metr), to‘rtinchi o‘rinda Shimoliy Afrika mamlakatlari (14,1%, 41 mlrd kub metr), beshinchi o‘rinda Britaniya (5,7%, 16,6 mlrd kub metr) turadi.