Apple noqonuniy tinglashdan shikoyat qilgan har bir Siri foydalanuvchisiga 20 dollar miqdorida tovon to‘lashga rozi bo‘ldi. Ushbu jamoaviy da’voni hal qilish uchun kompaniya $95 mln ajratadi, deb xabar beradi Reuters.
Apple texnikasining millionlab egalari qurilmalarni ularning suhbatlarini yozib olishda va ma’lumotlarni kontekstli reklama uchun uzatishda aybladilar. Masalan, foydalanuvchilar Air Jordan krossovkalarini xarid qilish yoki Olive Garden restoranlariga tashrif buyurish bilan bog‘liq mavzularni muhokama qilgandan so‘ng, ularga tegishli reklama ko‘rsatilganini payqashgan. Da’vogarlardan biri shifokor bilan suhbatdan so‘ng unga xususiy klinika xizmatlarini taklif qilganini aytdi.
Da’vogarlarning fikricha, Apple shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash qoidalarini buzgan va ularni uchinchi shaxslarga bergan. Aybni tan olishdan bosh tortganiga qaramay, kompaniya tovon to‘lashga qaror qildi.