Falastindagi HAMAS guruhi Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi ehtimoliy kelishuv doirasida ozod qilish niyatida bo‘lgan 34 nafar garovga olinganlar ro‘yxatini ma’qulladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha kelishuv Isroil qo‘shinlarini G‘azo hududidan olib chiqish va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga bog‘liq bo‘ladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi ro‘yxatni HAMASdan olganini tasdiqlamadi.
The Times of Israel gazetasining yozishicha, Isroil bir necha oy oldin HAMASga 34 nafar garovga olinganlar ro‘yxatini taqdim etgan va guruh ulardan qaysi biri tirik ekanligini aniqlash uchun bir haftalik sulh talab qilgan. Isroil yakuniy kelishuv imzolanmaguncha harbiy harakatlarni to‘xtatishdan bosh tortishi mumkin.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum paytida HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 251 garovga olinganlarning 96 nafari G‘azoda qolmoqda. Isroil harbiylari ularning uchdan bir qismi allaqachon o‘lgan deb taxmin qilmoqda. Reuters nashrining xabar berishicha, o‘tgan juma kuni Isroil vakillari Qatar va Misr vositachiligida HAMAS bilan muzokaralarni qayta tiklash uchun Dohada bo‘lgan. Shartnoma 20 yanvarga qadar, ya’ni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimini egallagan paytga qadar erishilishi kutilmoqda.
Binyamin Netanyaxu bir necha bor G‘azodagi urush Isroilning HAMAS ustidan to‘liq g‘alabasidan so‘ng, uning harbiy va siyosiy tuzilmalarini yo‘q qilgandan keyingina tugashini ta’kidlagan.