Yaqin yillarda Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlariga gaz yetkazib berishni yiliga 10-15 milliard kub metrgacha oshirish niyatida. Xususan, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvurining revers rejimidagi o‘tkazish qobiliyatini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, bu yiliga 10-12 milliard kub metr, kelajakda esa 15 milliard kub metrgacha yetkazib berishni ta’minlashi mumkin.
Rossiya, shuningdek, Xitoyga gaz eksportini oshirishni rejalashtirmoqda. 2025-yilda xitoylik hamkorlar bilan qo‘shimcha kelishuvlar tufayli “Sibir kuchi” gaz quvuri orqali haydash hajmi 38 milliard kub metrdan oshishi kerak. 2027-yilda yangi Uzoq Sharq yo‘nalishi ishga tushiriladi, bu Xitoyga yetkazib berish hajmini 48 milliard kub metrgacha oshiradi.
Bundan tashqari, Xitoyga gaz uchun ikkita yangi yo‘nalish ko‘rib chiqilmoqda: Mo‘g‘uliston orqali quvvati 50 milliard kub metr bo‘lgan “Sibir kuchi-2” gaz quvuri va Qozog‘iston orqali quvvati 45 milliard kub metr bo‘lgan quvur, shundan 35 milliard Xitoyga, 10 milliard Qozog‘istonni gazlashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Sibir kuchi-2” loyihasi yanada foydali bo‘lishi mumkin, chunki u Sibir shaharlarini gazlashtirish va Xitoyning yirik aglomerasiyalarini energiya resurslari bilan ta’minlash imkonini beradi. Biroq, iqtisodiy maqsadga muvofiqlik, shu jumladan qurilish qiymati va kelishilgan narx formulasi asosiy omil bo‘lib qoladi.
1996-yildan buyon muhokama qilinayotgan Eron — Pokiston — Hindiston gaz quvuri loyihasi ham yangi geosiyosiy sharoitda dolzarb bo‘lishi mumkin. 2021-yilda “Gazprom” yuqori narx tufayli loyihada ishtirok etishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, hozirda Eron orqali gaz tranziti bo‘yicha muzokaralar dastlabki bosqichda.