O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan 13 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev BAA poytaxtida Prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, mamlakatdagi davlat tashkilotlari, kompaniyalar va banklar rahbarlari bilan uchrashadi, shuningdek, “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammiti ishida ishtirok etadi.
Dubayda BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
Tashrif kun tartibidan O‘zbekiston-BAA munosabatlarini chuqurlashtirish, investitsiyalar, “yashil” energetika, infratuzilma, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, innovatsion rivojlanish, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.