Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Yaponiya hukumatidan 1,5 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ oldi. Ushbu mablag‘lar Afg‘onistonning kam ta’minlangan hududlarida onalar, reproduktiv, bolalar va yoshlar salomatligini yaxshilash, shuningdek, ruhiy-ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilgan. Moliyalashtirish uchta viloyatni qamrab oladi: Qandahor, Faryob va Nangarhor.
Mablag‘lar mamlakat uzoq davom etgan gumanitar inqirozga duch kelgan tang pallada kelib tushdi. 2025-yilga mo‘ljallangan Afg‘onistonning gumanitar ehtiyojlar va javob choralari rejasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi yordamga muhtoj, 17 millionga yaqin kishi esa tibbiy xizmatning keskin tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bir yilga mo‘ljallangan yangi loyiha 60 ming nafar ayol, qiz va besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning hayot uchun muhim tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlaydi.
“Biz Yaponiya hukumatidan ushbu muhim hissa uchun minnatdormiz. Bu UNFPA`ga aholining eng zaif qatlamlariga kompleks tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Afg‘oniston ayollari va qizlari misli ko‘rilmagan xavf-xatarlarga duch kelayotgan bir sharoitda, ushbu moliyalashtirish ularning sog‘lig‘i va farovonligini himoya qilish bo‘yicha umumiy sodiqligimizni ta’kidlaydi”, — dedi UNFPA`ning Afg‘onistondagi vakili Kvabena Asante-Ntiamoa.
Loyihaning asosiy tashabbuslari Qandahor va Faryob provinsiyalarida tug‘ruqdan oldin parvarishlash, xavfsiz tug‘ruq, oilani rejalashtirish va bolalar salomatligini himoya qilish xizmatlari ko‘rsatiladigan 20 ta oilaviy sog‘lomlashtirish uylarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Nangarhor viloyatida ikkita ona va bola salomatligini muhofaza qilish markazi reproduktiv salomatlik, ruhiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kasbiy ta’lim xizmatlarini taklif qiladi.
Loyiha doirasida onalar va chaqaloqlar uchun to‘plamlar, shuningdek, yordamga muhtoj ayollar va qizlar uchun “Qadr-qimmat” to‘plamlari ham tarqatiladi. Ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish maqsadida ayol tibbiyot xodimlarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyiha tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati cheklangan kam ta’minlangan tumanlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Nogironligi bo‘lgan odamlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda inklyuziv yondashuv, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlarni faol jalb qilish muhim jihat bo‘ladi.
UNFPA Yaponiya hukumati va xalqiga Afg‘oniston ayollari va bolalarining sog‘lig‘i va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.