Oʻzbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi bilan bogʻliq vaziyat haqida gapirdi.
“2024-yilda mamlakatimiz ushbu yoʻnalishda katta qadam tashladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan qatʼiy iqtisodiy islohotlar natijasida amalga oshdi”, — deya soʻz boshladi prezident yordamchisi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yili JST ishchi guruhining ikkita muhim yigʻilishi oʻtkazilgan. “Bu bizga aʼzolikning asosiy hujjati — ishchi guruh Hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi, - deya qoʻshimcha qildi Mirziyoyeva. — Shuningdek, AQSH, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada Oʻzbekiston hisobida 23 ta imzolangan bitim bor”.
Prezident yordamchisi qisqa vaqt ichida biznes va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilinganini taʼkidladi.
Mirziyoyeva, shuningdek, Oʻzbekiston tez orada tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi boʻlishi uchun joriy yil ham shu surʼat saqlanib qolinishini taʼkidladi.
“Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda oʻzbek biznesining mintaqaviy va global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini taʼminlashi lozim. JSTga aʼzolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi, shubhasiz, xalqimiz farovonligini taʼminlash, unga munosib ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga oʻtkazishdir”, — deya xulosa qildi Mirziyoyeva.