Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni ijtimoiy yordamlarning manzilliligini oshirish, nogironligi boʻlganlarni parvarishlashning yangi tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekistonda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy yordamlar “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kirgan oilalarga koʻrsatilishi belgilanmoqda. Bunda mablagʻlarni tuman va shaharlardagi aholi, nogiron shaxslar va kambagʻal oilalar soniga mutanosib ravishda taqsimlash tartibi joriy etilmoqda.
“Oilaning kambagʻal deb eʼtirof etilishi uning aʼzolaridan qoʻshimcha ariza va hujjatlarni talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar koʻrsatilishiga asos boʻladi”, — deyiladi xabarda.
Samarasiz va talab yuqori boʻlmagan ijtimoiy yordamlar maqbullashtirilib, 28 turdagi ijtimoiy yordamning yagona roʻyxati tasdiqlanadi. Ijtimoiy daftarlar hisobidan ajratiladigan davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajatlarini Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida yuridik shaxs boʻlmagan “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etiladi. Uning mablagʻlari hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-amaliy va infratuzilmaviy muammolarini bartaraf etish, sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va sportni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni asrash tadbirlariga sarflanadi.
Shu bois 3-18 yoshdagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda. Unga bolalar ota-onalar bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi.
Joriy yil yakuniga qadar bu xizmatlar bilan 2 mingga yaqin ogʻir nogironligi boʻlgan bolalarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu ularning onalari uchun ishlash va taʼlim olish kabi imkoniyatlar yaratib, oila farovonligiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “bolalar salomatligi” axborot tizimi ishga tushirilib, har bir farzandga qoʻyilgan tashxis tahlil qilib boriladi. Ularga tibbiy, reabilitatsiya, taʼlim, ijtimoiy xizmatlar kompleks ravishda koʻrsatiladi.
Bunday muassasalarga har bir bola uchun subsidiya va xaridlar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ota-onalarning kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangani uchun oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlaridan soliq olinmaydi.