Shavkat Mirziyoyev Kuvaytga rasmiy tashrif bilan boradi

O‘zbekiston

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17–18-fevral kunlari Kuvaytga tashrif buyuradi. Rasmiy tashrif amir Mishʼal as-Saboh taklifiga binoan boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-18-fevral kunlari Kuvaytga tashrif buyuradi. Rasmiy tashrif amir Shayx Mishʼal as-Saboh taklifiga binoan boʻlib oʻtadi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga koʻra, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati aʼzolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.

Boʻlajak sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Kuvayt doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olishi koʻzda tutilgan.

Madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini kengaytirish masalalari ham diqqat markazida boʻladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Kuvayt yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini koʻrib chiqadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.