Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni Rossiya kapitaliga qaraganda koʻpaydi

O‘zbekiston

2024-yil yakunlariga koʻra, Xitoy Oʻzbekistondagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni boʻyicha Rossiyani ortda qoldirdi. Moskva tomonidan moliyalashtiriladigan korxonalar yildan yilga kamayib bormoqda.

Foto: Illyustrativ / shensyao.com

Oʻzbekiston Respublikasi Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda kuzatuvlar tarixida birinchi marta Xitoy xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni boʻyicha Rossiyani ortda qoldirdi. 2025-yil 1-yanvar holatiga respublikada jami 15 mingga yaqin korxona mavjud.

Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni boʻyicha Xitoy yetakchi boʻldi — 3357. 43,6 foizlik rekord oʻsish qayd etildi. Avvalgi yillarda Xitoy Oʻzbekistondagi ishtirokini sekinroq surʼatlarda oshirib borgan. Xususan, 2020-yilda ularning soni 147 taga, 2021-yilda 128 taga, 2022-yilda 214 taga, 2023-yilda 196 taga oshgan.

Ikkinchi oʻrinda Rossiya joylashgan. Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 3,5 foizga kamaydi - 3044 tadan 2937 tagacha (-107). 2023-yilda ham 112 ta kompaniyaga pasayish qayd etilgan.

2022-yilda Rossiya Ukrainaga keng koʻlamli harbiy bosqinni boshlab, xorijiy davlatlar tomonidan koʻplab sanksiyalarga duch kelgach, Oʻzbekistondagi ishtirokini keskin kengaytirdi. Yil davomida Rossiya ishtirokidagi kompaniyalar soni birdaniga 847 taga koʻpaydi (avvalgi yillarda oʻsish 216 va 256 tani tashkil etgan).

Faoliyat yuritayotgan korxonalar sonining qisqarishini boshqa mamlakatlar ham koʻrsatdi: Turkiya — 1826 ta korxona (-3 foiz yoki -57 ta korxona), Qozogʻiston - 1041 ta (-2,2 foiz yoki -23 ta), Janubiy Koreya - 644 ta (-12,5 foiz yoki -92 ta), AQSH - 304 ta (-2,9 foiz yoki -9 ta).

Eslatib oʻtamiz, 15-fevral, shanba kuni Toshkentning Chilonzor tumanidagi istirohat bogʻlaridan birida koʻpchilikning eʼtiborini tortgan voqea sodir boʻldi. Bir necha oʻnlab Xitoy fuqarolari bogʻga “Biz kuchlimiz” deb yozilgan bayroqlar va transparantlar bilan kelishdi. Guvohlardan olingan maʼlumotlarga koʻra, odatda ushbu hududda xavfsizlikni taʼminlaydigan Milliy gvardiyaga tadbir haqida xabar berilmagan. Shuningdek, sodir boʻlayotgan voqealardan na Toshkent shahar hokimligi, na IIBB xabardor boʻlmagan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.