Fransiya dushanba kuni Parijda Yevropa davlatlari ishtirokida Ukraina boʻyicha norasmiy favqulodda sammit oʻtkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Sammit Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yoki uning maʼmuriyati tomonidan tasdiqlanmagan boʻlsada, Yevropa rasmiylari uchrashuv allaqachon rejalashtirilganini taʼkidladi.
Shanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq soʻzlagan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy sammit katta ehtimol bilan dushanba kuni boʻlib oʻtishini aytib, yakshanba kuni soʻnggi tafsilotlar aniqlanishini qoʻshimcha qildi.
Oʻz soʻzlarini tasdiqlash uchun Sikorskiy ham X tarmogʻida bu haqda ikki marta yozgan, ammo keyin bu postlarni oʻchirib tashlagan.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yakshanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida shoshilinch yigʻilish oʻtkazib, Amerika rasmiylarining Vashington qitʼani har qanday tinchlik jarayonidan chiqarib tashlash istagidan dalolat beruvchi soʻnggi izohlarini muhokama qiladi.
Bir kun avval AQSHning Ukrainadagi maxsus elchisi Kit Kellog Yevropa Vashington, Moskva va Kiyev oʻrtasidagi boʻlajak tinchlik muzokaralarida ishtirok etmasligini taʼkidlagandi.
Dushanba kuni Bryusselga tashrif buyurishi kerak boʻlgan Kellog, barcha tinchlik masalalarini muhokama qilishda Yevropa manfaatlari hisobga olinishini aytdi.
“Men realistik yondashuv tarafdoriman va bunday boʻlmaydi, deb hisoblayman”, — dedi Kellog jurnalistlar undan Yevropaning tinchlik bitimidagi roli haqida toʻgʻridan toʻgʻri soʻraganida.
“Yevropalik doʻstlarimga shunday degan boʻlardim: stol atrofida oʻtirganingiz yoki oʻtirmaganingiz haqidagi shikoyatlar bilan emas, balki aniq takliflar va gʻoyalar, ayniqsa, mudofaa xarajatlari boʻyicha munozaraga kirishing”, — deya qoʻshimcha qildi Kellog.
Shanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashington va Brussel oʻrtasida oʻsib borayotgan ishonchsizlik fonida Yevropa armiyasi — “Yevropa qurolli kuchlari”ni yaratishga chaqirdi.
“Men haqiqatan ham vaqti keldi deb hisoblayman, Yevropa qurolli kuchlari yaratilishi kerak”, — dedi Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasida.
Ukraina rahbarining qoʻshimcha qilishicha, Tramp u bilan suhbatda Yevropani ehtimoliy muzokaralarga qoʻshish istagini biror marta bildirmagan va siyosiy tendensiyalar oʻzgarishi mumkinligini aytgan.
Zelenskiy Yevropa kimgadir qaramligini kamaytirishi va oʻz kuchiga ishonishi kerakligini taʼkidladi.
Parijdagi sammitda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham ishtirok etishi mumkin. Starmer, shuningdek, fevral oyi oxirida Vashingtonga AQSH prezidenti Donald Tramp huzuriga tashrif buyurmoqchi. Juma kuni Tramp Britaniya bosh vaziri ular oʻrtasidagi telefon suhbati chogʻida tashrif buyurishni soʻraganini, biroq ikki davlat yetakchilari nimani muhokama qilishlarini aytmaganini maʼlum qildi.
Trampning qoʻshimcha qilishicha, u Starmer bilan “juda yaxshi chiqishadi”. Britaniya hukumati rahbari oʻz mamlakatini Qoʻshma Shtatlar va Yevropa oʻrtasidagi koʻprik sifatida koʻrsatishga va oʻsib borayotgan noaniqlik sharoitida uzoq yillik ittifoqchilarni birlashtirishga harakat qilishi mumkin.