Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronning taklifiga binoan Fransiyaga tashrif buyuradi

Dunyo

Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo bitimlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturida Parij shahrida oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bo‘lajak muloqotlar kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo bitimlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, Tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni joriy yilning kuzida Samarqand shahrida o‘tkazishning amaliy jihatlarini muhokama qiladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.