AQSHdan deportatsiya qilingan oʻzbekistonliklar Nyu-York orqali vataniga qaytadi

O‘zbekiston

AQSHdan deportatsiya qilingan oʻzbekistonliklar Nyu-York - Toshkent reyslari orqali vatanga qaytariladi. TIV xabariga koʻra, mamlakat diplomatik vakolatxonalari AQSHning tegishli huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Avvalroq Kosta-Rika AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar muhojirni, jumladan, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Hindiston fuqarolarini qabul qilishi xabar qilingandi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, AQSHdan deportatsiya qilingan oʻzbekistonliklar Nyu-York—Toshkent yoʻnalishidagi reyslar orqali vatanga qaytariladi.

“Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi koʻp yillardan buyon Oʻzbekiston fuqarolarini vatanga xavfsiz deportatsiya qilish boʻyicha AQSHning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Kelishuvlarimizga koʻra, Amerika tomoni respublikamizning deportatsiya qilinayotgan fuqarolari toʻgʻrisidagi har bir holat haqida zudlik bilan xabardor qiladi. Shakllangan amaliyotga koʻra, fuqarolarimiz Nyu-York—Toshkent yoʻnalishi boʻyicha vatanga qaytmoqda”, — dedi u.

“Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari Amerika tomoniga boshqa mamlakatlarga ehtimoliy deportatsiya boʻyicha maʼlumot berish iltimosi bilan murojaat qildi. Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan Lotin Amerikasi davlatlari bilan diplomatik kanallar orqali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. AQSHdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan tegishli soʻrovlar olinganda, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, toʻliq yordam koʻrsatiladi”, — deya taʼkidladi TIV vakili.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.