WizzAir Oʻzbekistonda aviakompaniya tashkil etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda

O‘zbekiston

Vengriyaning WizzAir aviakompaniyasi Oʻzbekistonda qoʻshma korxona tashkil etishdan manfaatdor. Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan uchrashuvda aviatashuvchi rahbariyati Yevropa bilan aviaqatnovlarni rivojlantirish va parvozlar chastotasini oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Toshkent — Budapesht toʻgʻridan-toʻgʻri reysi hamda Namangan va Urganchga yangi yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Foto: sputnik.by

Vengriyaning WizzAir aviakompaniyasi Oʻzbekistonda qoʻshma korxona tashkil etishdan manfaatdor. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

20-fevral kuni vazirlik rahbari Ilhom Mahkamov WizzAir bosh direktori Yojef Varadi va Vengriya elchisi Yojef Roja bilan uchrashdi. Oʻzbekiston va Yevropa davlatlari oʻrtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish, tranzit reyslarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Varadining taʼkidlashicha, WizzAir Abu Dhabi shoʻba korxonasi Toshkent - Abu-Dabi yoʻnalishi boʻyicha parvozlar chastotasini oshirish, shuningdek, Namangan va Urganchga parvozlarni yoʻlga qoʻymoqchi. Bundan tashqari, u Oʻzbekiston hududida qoʻshma aviakompaniya tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Maxkamov WizzAir aviakompaniyasiga Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Yil oxirigacha Toshkent - Budapesht muntazam qatnovi yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.

WizzAir Abu Dhabi aviakompaniyasi 2022-yilning qishida Abu-Dabi, Toshkent va Samarqand oʻrtasida parvozlar uchun ruxsat olganidan soʻng Oʻzbekistonga parvozlarni amalga oshira boshladi. 2023-yil iyun oyida Buxoro viloyati hukumati kompaniyaga Buxoroga reyslarni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi va bu tashabbus qoʻllab-quvvatlandi.

Avvalroq Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aviaqatnovlar hajmini oshirish va xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirish boʻyicha topshiriq bergandi. 2025-yilda aviakompaniyalar yoʻlovchilari soni 15 millionga yetishi, asosiy shaharlarga parvozlar esa ikki baravar koʻpayishi kutilmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.