Shavkat Mirziyoyev korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini aytdi. Bu haqda davlat rahbari chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi, — dedi u. — Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat, — dedi prezident.
Davlat rahbari mamlakatdagi islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda O‘zbekistonda korrupsiyadan xoli muhitni shakllantirish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berish, galdagi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi.
Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi, — dedi prezident.