Toshkentda isitish mavsumi yakunlanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan hafta davomida Toshkentda kunduzi havo harorati barqaror tarzda 18-19 daraja iliqlik va undan yuqori bo‘ldi, kechasi esa 8 daraja iliqlikdan pastga tushmadi. Gidrometeorologiya markazi bashoratiga ko‘ra, keyingi besh kun ichida kunduzi havo harorati 20-22 daraja iliqlikni tashkil etadi, kechasi esa 10 daraja iliqlikdan yuqori bo‘lib qoladi.
Poytaxtda o‘rtacha sutkalik harorat allaqachon 12-13 daraja iliqlikdan oshib ketdi, bu esa isitish mavsumini yakunlash uchun belgilangan me’yorlarga to‘liq mos keladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2024-2025-yillardagi isitish mavsumi rasman 2025-yil 18-martdan e’tiboran yakunlanishini ma’lum qilamiz.