Toshkent aholisidan yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan ta’mirlamaslik so‘raldi, deb xabar bermoqda shahar hokimligi matbuot xizmati.
Ayni paytda Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari tomonidan yo‘l qoplamasini ta’mirlash, ya’ni frezerlash, tozalash, asfalt yotqizish va uni maxsus texnikalar bilan zichlash bo‘yicha rejali va keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Tadbirlar belgilangan texnologik talablar asosida va sifatli materiallardan foydalangan holda, shuningdek, ish paytida xavfsizlikni ta’minlash uchun YHXBB xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkaziladi.
Chuqurchaga sovuq aralashma to‘ldirilib, qo‘l ostidagi vositalar bilan zichlanadigan usul to‘liq ta’mirlash hisoblanmaydi. Bunday usul nafaqat muammoni hal qilmaydi, balki ba’zi hollarda vaziyatni yanada og‘irlashtirishi, transport harakati uchun, shuningdek, ta’mirlash tashabbuskorlarining o‘zlari uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin.
Ta’mirlash tashabbuskorlarini yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan yamashga yo‘l qo‘ymaslikka va sabr-toqatli bo‘lishga chaqiramiz. Barcha zarur ta’mirlash ishlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq va texnik standartlarga rioya qilgan holda amalga oshirilmoqda," - deyiladi xabarda.
Fuqarolarga faol pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirilib, yo‘llarni ta’mirlash uchun Xalq nazorati portali orqali ariza yuborishga chaqirdi.