Toshkentda isitish mavsumi yakunlanmoqda

O‘zbekiston

Hokim alohida qaror chiqarishi kerak.

Toshkentda 2024-2025-yillar qish mavsumi yakuniga yetmoqda. Bu haqda Veolia Energy xabar bermoqda.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 8 - 14-mart kunlari Toshkent shahrida o‘rtacha sutkalik harorat 11,6 °C ni tashkil etgan. Qonunchilikka ko‘ra, isitish mavsumi ketma-ket besh kun davomida o‘rtacha sutkalik havo harorati 8 °C dan oshganda yakunlanadi. Shunga asosan, tez orada Toshkent shahar hokimligi 2024 - 2025-yillardagi isitish mavsumini yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Isitish davri tugagandan so‘ng, keyingi mavsumga tayyorgarlikning muhim bosqichi boshlanadi. Veolia Energy sovuq mavsumda issiqlik ta’minoti yanada ishonchli va sifatli bo‘lishi uchun issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalar va nasos stansiyalarini joriy va kapital ta’mirlaydi.

Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalari va XUMSHlar kelgusi isitish mavsumiga binolarning muhandislik kommunikatsiyalarini tayyorlash, shu jumladan uylarning isitish tizimlarini yuvish, joriy va kapital ta’mirlash ishlarini boshlashlari kerak.

Xonadon egalari o‘z xonadonlaridagi batareyalarning holati haqida qayg‘urishlari muhim, chunki kelgusi isitish mavsumidagi qulaylik shunga bog‘liq. Sovuq mavsumda uyingiz shinam va issiq bo‘lishi uchun isitish radiatorlarini tozalash va yuvishni tavsiya etamiz.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.