AQSH hukumati demokratik meʼyorlarni buzganlik iddaosi bilan Gruziyadagi 20 ga yaqin shaxsga, jumladan, yuqori lavozimli amaldorlar va qonun chiqaruvchilarga nisbatan viza cheklovlarini joriy etmoqda, shuningdek, qoʻshimcha sanksiyalar tayyorlamoqda. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Millerning payshanba kuni tarqatgan yozma bayonotida aytilgan.
“Davlat departamenti bugun Gruziyada demokratiyani zaiflashtirishda aybdor yoki bunga aloqador shaxslarga viza berishni taqiqlashni nazarda tutuvchi viza cheklovlarini joriy etish siyosati doirasida qoʻshimcha choralarni eʼlon qilmoqda”, — deyiladi hujjatda. — Bugungi chora-tadbirlar hukumatdagi vazirlik lavozimlarini egallagan shaxslar, parlament aʼzolari, huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlik xizmati xodimlari, shuningdek, xususiy shaxslarni oʻz ichiga olgan 20 ga yaqin kishiga taʼsir koʻrsatadi. Bu shaxslarning ismlari va lavozimlari aniqlantirilmagan.
Bayonotda taʼkidlanishicha, AQSH “Gruzin orzusi” partiyasi tomonidan Gruziya fuqarolariga, jumladan, namoyish ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, inson huquqlari faollari va muxolifat vakillariga nisbatan asossiz zoʻravonlik va shafqatsizlikni qatʼiyan qoralaydi. Davlat departamentining fikricha, “Gruzin orzusi” “Gruziyaning yevroatlantik kelajagidan voz kechgan”, goʻyoki uning aksariyat fuqarolari buni xohlaydi. “Biz yuqori lavozimli amaldorlarga yoki demokratiyani zaiflashtirish bilan bogʻliq shaxslarga nisbatan viza cheklovlarini joriy etishga sodiqmiz”, — deyiladi hujjatda.
Bayonotda aytilishicha, AQSH “qoʻshimcha choralar, shu jumladan sanksiyalar”ni tayyorlamoqda. Idora maʼlum qilishicha, avvalroq AQSH tomoni 100 dan ortiq kishiga taʼsir qiladigan cheklovlarni joriy qilgan. Bular ”Gruzin orzusi“ bilan bogʻliq shaxslar, shuningdek, ularning oila aʼzolaridir.
Davlat departamenti 30-noyabr kuni AQSH Gruziya bilan strategik sheriklikni toʻxtatganini maʼlum qildi. Bu 28-noyabr kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Koboxidze hukmron “Gruzin orzusi — Demokratik Gruziya” partiyasi 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar masalasini kun tartibiga kiritmaslikka va hamjamiyat tomonidan barcha budjet grantlaridan voz kechishga qaror qilganini eʼlon qilganidan soʻng yuz berdi. Hukumat rahbarining soʻzlariga koʻra, bunga YEIning unga aʼzo boʻlish boʻyicha muloqotni boshlash borasidagi doimiy tazyiqlari, parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarning bir qismini bekor qilish talablari va Gruziya hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqiriqlar sabab boʻlgan. Hukumatning bu qarori Gruziyada ommaviy norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi va bu namoyishlar hozirgacha davom etmoqda.