Prezident barcha hujjatlar oʻrnini bosadigan yagona ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyulga qadar tegishli guvohnomalarning qogʻoz shaklini bekor qiladigan yagona ijtimoiy karta tizimini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatma berdi. Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish mumkin, shuningdek, bu kartaga elektr energiyasi, gaz va oʻqish xarajatlari uchun kompensatsiyalar, nafaqalar va pul yordami ham toʻlanadi.

13-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va 2025-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektorli yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda hozirgi kunda fuqarolarimizga 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun tugʻilganlik guvohnomasi, nogironlik guvohnomasi, pensiya guvohnomasi, talaba bileti, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjat talab qilinishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari bunday chalkashliklarga barham berish vaqti kelganini aytib, barcha hujjatlar oʻrnini bosadigan yagona ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi.

Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish mumkin, shuningdek, bu kartaga elektr energiyasi, gaz va oʻqish xarajatlari uchun kompensatsiyalar, nafaqalar va pul yordami ham toʻlanadi.

1-iyulga qadar ushbu tizim Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida sinovdan oʻtkazilib, yil oxiriga qadar barcha hududlarda ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, tizim ijtimoiy sugʻurtani joriy etish doirasida raqamli xizmatlarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni osonlashtiradi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.