“Nasib boʻlsa, kelasi yil 1-apreldan elektr va tabiiy gaz tariflari oshadi” — Jamshid Qoʻchqorov

O‘zbekiston

2028-yildan boshlab elektr energiyasi va gaz uchun davlat byudjetidan subsidiyalar ajratishni toʻxtatish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov yalpi majlisda 2025-yilda issiq suv va isitish tariflarini hatto ikki baravar oshirish ham yetarli boʻlmasligi mumkinligini maʼlum qildi.

2028-yildan boshlab elektr energiyasi va gaz uchun davlat byudjetidan subsidiyalar ajratishni toʻxtatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 18-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼlumot berdi.

2025-yil byudjeti loyihasida 28,3 trillion soʻm miqdorida subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularning katta qismi (12,3 trillion soʻm) energetika sohasiga toʻgʻri keladi. Undan keyin isitish tizimi — 4,8 trillion soʻm.

Uning soʻzlariga koʻra, elektr energiyasi, gaz yoki isitish uchun tariflarni oshirishdan maqsad tannarxning bir qismini qoplash va yanada rivojlanish imkoniyatini yaratishdir.

“Bizda shunday vaziyat yuzaga keldiki, tariflarni oshirish uchun aholi daromadlarini maʼlum darajaga yetkazish kerak edi. Biz odamlarga farovonligini oshirish uchun vaqt berish kerak degan xulosaga keldik, chunki [yuqoriroq] tariflarni toʻlash uchun ularga pul kerak boʻladi”, — dedi amaldor.

Bosh vazir oʻrinbosari soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi ikki baravarga qisqarganini, bu esa energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun “poydevor” yaratganini taʼkidladi.

“Birinchidan, tariflar hali xarajatlarni toʻliq qoplash darajasiga yetmagan. Ikkinchidan, bu gazning maʼlum qismini import qilishimiz bilan bogʻliq. Shu sababli bizda tariflarni oʻzini oʻzi taʼminlash darajasigacha oshirishdan boshqa imkoniyat yoʻq” — dedi Qoʻchqorov.

Shundan kelib chiqib, bahor oyida Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 1-apreldan boshlab energiya resurslari tariflarini yana bir bor oshirishni maʼqulladi. Biroq kelgusi yilda elektr va gaz subsidiyalari 12 trillion soʻmdan 7 trillion soʻmgacha kamaytiriladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.