AQSH elektromobillarni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishni rejalashtirmoqda

Texno

Donald Tramp jamoasi elektromobillarni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechib, akkumulyatorlarni yetkazib berish siyosatini qayta koʻrib chiqishni rejalashtirmoqda. Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga akkumulyatorlarga boj toʻlash va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirish kiradi, bu esa AQSHda elektromobillar bozorini oʻzgartirishi mumkin.

Donald Trampning AQSH prezidenti lavozimiga qaytishiga tayyorgarlik koʻrayotgan oʻtish guruhi elektromobillar sohasidagi siyosatni sezilarli darajada oʻzgartirishni rejalashtirmoqda. Reuters nashri tanishib chiqqan hujjatga koʻra, elektromobillar va quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishni moliyalashtirishni toʻxtatish, shuningdek, Xitoydan akkumulyatorlar va ularning butlovchi qismlarini import qilishni cheklash boʻyicha choralarni kuchaytirish taklif qilinmoqda.

Jamoa butun dunyo boʻylab ishlab chiqariladigan akkumulyator materiallari uchun bojlarni joriy etishni, AQSHda ichki ishlab chiqarishni rivojlantirishga eʼtibor qaratishni tavsiya qiladi. Bayden maʼmuriyati tomonidan zaryadlash stansiyalarini qurish uchun ajratilgan budjetni milliy mudofaa, shu jumladan muhim minerallarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish foydasiga qayta taqsimlash taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, hujjat AQSHda elektromobillar bozoriga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan 7500 AQSH dollari miqdoridagi elektromobillar uchun soliq imtiyozlarini bekor qilishga chaqiradi. Bunday siyosat sohaning rivojlanishini qiyinlashtirishi va eng yirik ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Tesla savdosiga zarba berishi mumkin. Biroq, saylovda Trampni qoʻllab-quvvatlagan Ilon Mask subsidiyaning bekor qilinishi Tesla raqobatchilariga kuchliroq zarba berishini aytdi.

Umuman olganda, taklif qilinayotgan chora-tadbirlar Bayden maʼmuriyatining elektromobillarga tezkor oʻtish va Xitoy taʼminot zanjirlaridan mustaqillikka asoslangan yoʻlidan keskin chekinish boʻladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.